Ruminiya poytaxti Buxarestda Davlat yahudiylar teatri qor tufayli yopildi. “Brasheum” teatrning binosi tomi juda ko‘p yog‘gan qordan so‘ng o‘pirilib tushdi. Natijada qor bino ichiga tushib, eriy boshlagan. Bu haqda “Frans-Press” agentligi xabar berdi.

“Barasheum” teatri binosi. Foto: Wikipedia / Bogdan

“Barasheum” teatri binosi. Foto: Wikipedia / Bogdan

Teatr direktori, aktrisa Maya Morgenshtern bu voqeani fojia, deb atadi. Uning izohlashicha, teatr binosi tarixiy yodgorlik hisoblanadi. Qor tushishi tufayli nafaqat binoning tomi, asosiy zal va sahna, balki yer ostida dekoratsiyalar saqlanadigan joy ham zarar ko‘rdi. Qorning suvga aylanishi ular uchun xavf tug‘diradi.

Ruminiya hukumati teatr rahbariyatiga “Barasheum” tiklanishiga yordam berishini va’da qildi. Ruminiya Madaniyat vaziri Gigel Stirbu, uning vazirligi bu teatrni boshqarmasligiga qaramasdan, ushbu vaziyatni yechimini izlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Buxarestda joylashgan yahudiy teatri Yevropagi teatrlarning eng qadimiylaridan biri hisoblanadi. Uning tarixi XIX asrning 70-yillarida Ruminiyada paydo bo‘lgan birinchi professional yahudiy truppasiga borib taqaladi. “Barasheum”da spektakllar XX asr 30-yillarining boshidan bevosita qo‘yila boshlangan. Teatr ushbu binoda 1940-yildan rasman ishlashni boshladi. 

Yanvar so‘ngida Sharqiy Yevropaning bir qator mamlakatlari havo haroratining keskin pasayishi va juda ko‘p qor yog‘gani tufayli aziyat chekdi. Ruminiyaning qo‘shnisi bo‘lgan Bolgariyada kuchli qor tufayli to‘rtta odam halok bo‘ldi. Serbiya va Chernogoriyada esa aynan shu sababdan transport harakati murakkablashgan edi.