Rossiya Strategik tashabbuslar agentligi mutaxassislari turli kasblarning ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ularga bo‘lgan ehtiyoj darajasini o‘rganib chiqdi. Tadqiqotlar xulosalariga ko‘ra, kelajakda ayrim kasblarga zarurat bo‘lmay, ular bilan shug‘ullanuvchilar ham kamayib ketadi, deb yozadi Vesti.ru. Shu bilan birga, kelajakda rivojlanib ketishi kutilayotgan kasblar ro‘yxati ham e’lon qilingan.

Foto: likar.info

Foto: likar.info

“Kasblar yo‘qolishini biz 2018-yilga borib payqashimiz mumkin, – deydi Strategik tashabbuslar agentligining ‘Yosh mutaxassislar’ yo‘nalishi direktori Dmitriy Peskov. — Keyin esa bizda ishsizlik darajasi oshib boradi. Ya’ni, eski kasbi kerak bo‘lmay qolgan kishi boshqa ishga kirishgisi keladi, ammo hali buni uddalay olmaydi”.

Xulosalarga ko‘ra, robotlar, turli elektron moslamalar va internet navbatdagi yigirma yil davomida chiptachi, liftyor, pochtachi, tikuvchi, qadoqlovchi kabi kasb egalarining o‘rnini egallab oladi. To‘g‘ri, bular aytarli ko‘p o‘qib-o‘rganish shart bo‘lmagan kasblardir. Ammo texnika taraqqiyoti haqiqiy tahdid solayotgan kasb egalari – buxgalter, huquqshunos-maslahatchi, notarius, dorixona xodimi, logist, dispetcher, kutubxonachilar qayg‘ursalar arziydi; axir, mazkur mutaxassislikni egallash uchun ular ozmuncha o‘qishganmi!

Ekspertlarning  ta’kidlashlaricha, biz ko‘nikkan qog‘oz shaklidagi kitoblar o‘rnini elektron kitoblar egallab olgach, kutubxonalar barham topadi, natijada kutubxonachiga hojat qolmaydi. Ko‘p joylarga videokameralar o‘rnatilgach, yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlab turgan nazoratchilar ham kamaytiriladi.

Aytish kerakki, Rossiyaning Strategik tashabbuslar agentligi bergan xulosalarga yaqin prognozlarni Economist jurnali ham ma’lum qilgan. Yangi texnologiyalar, innovatsiyalar yaxshi, biroq ular evaziga ish o‘rinlari kamayadi, mehnat bozorida muvozanat buziladi. Bunga esa hozir birorta mamlakat to‘liq tayyor emas, deyiladi jurnaldagi maqolada.