“Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasi (EIIZ) ochilganidan buyon uning hududida umumiy qiymati 100 million dollardan ortiq bo‘lgan 19 ta investitsion loyiha bo‘yicha ishlab chiqarish korxonalari o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Uzbekistan Today axborot agentligi xabar berdi.

“Navoiy” EIIZ binosi. Foto: nav.uz

“Navoiy” EIIZ binosi. Foto: nav.uz

Yuqori texnologiyalar asosida modemlar, televizorlar uchun pristavkalar, elektr energiyasi elektron hisoblagichlari, yuqori kuchlanishga mo‘ljallangan kabellar, issiqlik va suv isitish qozonlari, mobil va statsionar telefon apparatlari, tayyor dori vositalari va boshqa turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish tashkil etildi.

2013-yilda zonadagi korxonalar tomonidan qiymati 100 milliard so‘mdan ziyod mahsulot ishlab chiqarildi va bu boradagi o‘sish 2012-yilga nisbatan 25,8 foizni tashkil etdi.

“Angren” maxsus industrial zonasi hududida qisqa muddatda umumiy qiymati 44 million dollarga yaqin bo‘lgan 5 ta loyiha bo‘yicha energiyani tejaydigan diodli yorug‘lik lampalari, turli diametrdagi mis quvurlar, ko‘mir briketlari kabi yuqori texnologiyalar asosida mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, shakar ishlab chiqarish bo‘yicha yangi zavod va boshqa korxonalar qurildi.

Bu yo‘nalishda orttirilgan tajribalar hisobga olinib, o‘tgan yilning mart oyida Jizzax viloyatida “Jizzax” maxsus industrial zonasi tashkil etildi. Sirdaryo viloyatida esa ushbu zona filialining faoliyati yo‘lga qo‘yilib, transport, ishlab chiqarish va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini tez rivojlantirish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda.

O‘tgan yilning o‘zida ushbu zona hududida Xitoy kompaniyalari ishtirokida 100 ming dona mobil telefon ishlab chiqarish, shuningdek, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash va ozuqa tayyorlash bo‘yicha umumiy qiymati deyarli 6 million dollar bo‘lgan dastlabki 3 ta loyiha amalga oshirildi.