Poytaxtimizda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari davlat qo‘mitasining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) faoliyati va uni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar beradi.

Foto: Uzinfocom DUK

Foto: Uzinfocom DUK

Tadbirda aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasining mas’ul xodimlari, Uzinfocom kompyuter va axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda joriy etish markazi mutaxassislari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali Prezident Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan “Obod turmush yili” Davlat dasturi va Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 30-dekabrda qabul qilingan “Interaktiv davlat xizmatlari ko‘rsatishni hisobga olgan holda Internet tarmog‘ida O‘zbekiston Respublikasining Hukumat portali faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan bo‘lib, 2013-yilning 1-iyulidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati portali bazasida “yagona oyna” rejimida ishga tushirilgan.

Ayni paytda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga 300 ga yaqin davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, tuman va shahar hokimliklari ulangan. Ular tomonidan aholi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga yuzdan ortiq interaktiv xizmatlar ko‘rsatilmoqda.

Portalda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishga alohida e’tibor berilmoqda. Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlariga portal orqali murojaat qilish mumkin. Yetti oy davomida Yagona portal orqali 6 mingdan ziyod murojaat – jismoniy va yuridik shaxslarning arizalari, taklif va shikoyatlari jo‘natildi.

Statistikaga ko‘ra, eng ko‘p murojaatlar “O‘zArxiv” agentligi (519 murojaat), Ichki ishlar vazirligi (420), Adliya vazirligi (342) va Toshkent shahar hokimiyati (324) faoliyati bilan bog‘liq, deyiladi Uzinfocom xabarida.

Bir necha kun muqaddam Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali o‘zbekistonliklar o‘z huquq va manfaatlari buzilayotgani va ularni hal etishga yetarlicha e’tibor berilmayotgani to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga bevosita murojaat qilish imkoniga ega bo‘ldi. Ushbu yangi xizmat murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarining asossiz cho‘zilishi, kredit yoki yer uchastkalarini ajratish tartibining buzilishi, korxonalar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini o‘rinsiz tekshirish va ular faoliyatiga noqonuniy aralashuvlar hamda boshqa shu kabi muammolarni hal etishga yordam beradi.

Matbuot anjumanida Yagona portalning 2013-yilning iyul oyida foydalanishga topshirilgan axborot-ma’lumotnoma xizmati faoliyati ham muhokama etildi.