BMT Taraqqiyot dasturining mamlakatimizdagi doimiy vakili Stefan Prisner BMTning Axborot ofisiga bergan intervyusida 2014-yilda mamlakat bilan qilinajak hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi. Bu haqda UzDaily nashri ma’lum qilmoqda.

Foto: un.uz

Foto: un.uz

Yaqin vaqtlar ichida BMTning mamlakatda faoliyat yuritayotgan har bir agentligi faoliyati uchun muhim yo‘nalishlar belgilanadi. Ilk bor o‘tgan yili amalga oshirilgan bu tashabbus endi an’anaga aylanadi hamda BMTning boshlangan yilga mo‘ljallangan reja va vazifalari bilan keng ommani tanishtirib boradi.

Stefan Prisnerning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy taraqqiyot, ijtimoiy xizmatlar, atrof-muhit himoyasi va samarali boshqaruv bu yilda ham muhim yo‘nalishlar bo‘lib qoladi. Mazkur sohalarda mamlakatni qo‘llab-quvvatlash uchun BMT tomonidan 25 million AQSh dollariga yaqin miqdorda mablag‘ ajratiladi.

Ta’kidlash kerakki, “Sog‘lom bola yili”ning maqsadlari ham BMTning asosiy vazifalari va Mingyillik rivojlanish maqsadlariga muvofiq keladi.

BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi boshlig‘i 2014-yilda yangi qo‘shma dastur ishlab chiqilishi, u 2016—2020-yillardagi hamkorlikning yo‘nalishlarini belgilab berishini ham qayd etib o‘tdi.

Shulardan kelib chiqqan holda, Mingyillik rivojlanish maqsadlari bo‘yicha erishilgan yutuqlar tahlili ustida O‘zbekiston hukumati va BMT birgalikda ish olib borishlari muhim ahamiyatga ega. Mazkur hamkorlik 2015-yildan keyingi davr uchun global vazifalarni rejalashtirish va ularni O‘zbekistonda qo‘llashni ham ko‘zda tutadi.