O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligida uning 2013-yilgi faoliyati yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Anjumanda transport sohasida so‘nggi yillarda qilingan ishlar sarhisob qilindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Anjumanda ta’kidlanishicha, 2000-yilda mamlakatimizda ikki mingga yaqin yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari mavjud bo‘lgan bo‘lsa, 2013-yil yakunida ularning soni 4280 ni tashkil qildi.

O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi ushbu yo‘nalishlarni yanada rivojlantirish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari bilan hamkorlikda turli yo‘nalishlarning bandligi va aholining yo‘lovchi tashish transportidan foydalanish bo‘yicha ehtiyojini muntazam o‘rganib bormoqda. Natijada o‘tgan yil mobaynida rejalashtirilgan 95 yo‘nalish o‘rniga 181 yangi yo‘nalish ochildi. Ularning katta qismi qishloq joylarda tashkil etildi. Yangi yo‘nalishlarning 97,9 foizi tender savdolari orqali joylashtirildi. Bu esa avtotransport xizmatlari bozorida barcha tashuvchilar uchun sog‘lom raqobat muhitini rivojlantirish va teng sharoit yaratishga yordam beradi.

Aholiga transport xizmatlari ko‘rsatayotgan korxonalarda avtotransport vositalarini yangilashga ham e’tibor berilmoqda. Buning natijasida 2013-yilda Samarqand avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan 528 yangi Isuzu avtobuslari lizing asosida sotib olindi va ayni paytda ular mamlakatimizning barcha hududlarida aholiga xizmat ko‘rsatmoqda.