O‘zbekiston Respublikasining “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonuniga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli yigitlar Qurolli Kuchlar tarkibiga tanlov asosida qabul qilinadi. Bunda bilimi kuchli, yaxshi axloqiy va jismoniy tayyorgarlikka ega yigitlar tanlab olinadi, tanlovdan o‘tolmaganlar esa safarbarlik zaxirasi hisobiga o‘tkaziladi, deb yozadi Uzbekistan Today.

Foto: ut.uz

Foto: ut.uz

Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Mudofaa vazirligi vakili, podpolkovnik Nazirjon Niyozmatovning ta’kidlashicha, joriy yilda muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun bir o‘ringa sakkiz kishi da’vogarlik qilmoqda. Tanlov esa Qurolli Kuchlar saflarini yuksak ma’naviyatli va kasbiy tayyorgarlikka ega, Vatanimizni himoya qilishdek muqaddas burchini sidqidildan bajarishga tayyor yosh kadrlar bilan to‘ldirish imkonini beradi.

Hozirgi paytda mamlakatdagi 14 yig‘in hamda 186 chaqiruv punktida chaqiruvga tayyorgarlik ishlari yakunlanmoqda. Qayd etish kerakki, keyingi yillarda ularning infratuzilmasi rivojlantirilib, zarur moddiy-texnik, tibbiy jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirildi.

Qurolli Kuchlar tizimida amalga oshirilgan islohotlar davomida milliy armiyamizda muddatli harbiy xizmatni o‘tash uchun yangicha sharoitlar yaratildi. Bugungi kunda harbiy xizmat muddati 12 oyni tashkil etadi, chaqiruv esa yiliga bir marta amalga oshiriladi.

Safarbarlik chaqiruv zaxirasida xizmat oylik yig‘inlar ko‘rinishida hududiy tamoyillar bo‘yicha tashkillashtiriladi.