Shu kunlarda Fransiyada yirik chakana savdo operatori — Auchan kompaniyasining ko‘magida O‘zbekiston sayyohlik salohiyatini targ‘ib etishga qaratilgan reklama kampaniyasi o‘tkazilmoqda. Auchan kompaniyasi tomonidan 10 million nusxada chop etilgan O‘zbekiston bo‘ylab sayohat reklamasi varaqalari mamlakatning barcha nuqtalarida tarqatilmoqda. Bu haqda “Jahon” axborot agentligi xabar berdi.

voyagesauchan.com sayti. Skrinshot: “Daryo”

voyagesauchan.com sayti. Skrinshot: “Daryo”

Quyoshli o‘lkamiz bo‘ylab sayohat yo‘nalishi Auchan Voyages agentligi tomonidan Samarqandda faoliyat ko‘rsatadigan Orient Voyages sayyohlik kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda ishlab chiqilgan. Sayohat dasturi joriy yilning aprel, may, iyun, sentabr va oktabr oylarida fransiyalik sayyohlarni O‘zbekistonning boy va go‘zallikda betakror bo‘lgan diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirishni ko‘zda tutadi.

Kompaniyaning Auchan haftalik katalogi hamda voyagesauchan.com veb-sahifasida mazkur sayohat haqidagi batafsil ma’lumot o‘z aksini topgan. Ularda, shuningdek, Toshkent, Xiva, Buxoro va Samarqand shaharlari bag‘rida joylashgan tarixiy osori-atiqalar haqidagi axborot ham fransiyalik sayohat ishqibozlarining e’tiboriga havola qilingan.

Auchan Voyages saytida O‘zbekistonga tegishli uch xil tur taklif etilmoqda. “Amir Temur izlari bo‘ylab” nomli dastur 9 kun davom etib, 1389 yevro (1876 AQSh dollari)ga sotuvda bor. “Diqqatga sazovor O‘zbekiston” nomli 8 kunlik tur 1699 yevro (2295 AQSh dollar)ga va 12 kun davom etadigan “O‘zbekistonni to‘liq aylanish” turi 1990 yevro (2688 AQSh dollari)ga sotilmoqda.

Auchan Voyages agentligi tarqatgan xabarga qaraganda, O‘zbekistonga tashkil etiladigan sayohat chiptalarining bozori chaqqon bo‘lmoqda — aprel oyiga mo‘ljallangan sayohatchilar guruhi allaqachon aniq bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashlaricha, Euronews telekanalida bu haqdagi promo-rolik namoyishi sotuvning o‘sishiga ko‘maklashmoqda.

Auchan Amerikadagi Wal-Mart Stores hamda Fransiyadagi Carrefour chakana savdo operatorlaridan keyin dunyoda uchinchi o‘rinda turadigan kompaniya hisoblanadi. U o‘zining 600 dan ziyod supermarket va magazinlariga ega.