O‘zbekiston milliy avtomagistrali tarkibiga kiradigan avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari izchil davom ettirilmoqda. To‘rt qatorli G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov avtomobil yo‘li qurilishining 652 kilometrida sement-beton qoplash ishlari amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: bibi.uz

Foto: bibi.uz

Ushbu ishlarni Shimoli-g‘arbiy xalqaro va davlat ahamiyatidagi yo‘llarni saqlashga ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-foydalanish korxonasi, ayniqsa, uning Nukus, Qo‘ng‘irot va Qoratov filiallarida mehnat qilayotgan 700 dan ortiq yo‘lsozlar amalga oshirmoqda.

Korxona rahbari vazifasini bajaruvchi Genjeboy Tleuniyazovning so‘zlariga ko‘ra, 777 kilometr xalqaro va 1 684 kilometr davlat ahamiyatiga molik avtomobil yo‘llarida transport qatnovi xavfsizligi ta’minlanishi uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. G‘uzor-Buxoro-Nukus-Beynov avtomobil yo‘lining 652 kilometri Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududidan o‘tadi. Xalqaro ahamiyatga molik bu yo‘lning 50 kilometri tayyor holga keltirildi. Joriy yilda mazkur yo‘lning yana 105 kilometrida qurilish-ta’mirlash ishlarini nihoyasiga yetkazish rejalashtirilgan.

Ushbu milliy avtotrassa bo‘yida bitta motel, uchta avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasi, to‘rt joyda avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyasi, olti joyda avariya chaqiruv va tibbiy hamda texnik yordam punkti, ikkita avtomobillarning qisqa to‘xtash joyi qurilmoqda.