Koreya Respublikasining Yonsey universiteti qoshidagi Severance klinikasi delegatsiyasi 6—16-fevral kunlari O‘zbekistonga keladi. Bu haqda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi matbuot xizmatiga asoslanib “UzDaily” xabar qilmoqda.

Foto: sau.uz

Foto: sau.uz

Severance gospitali mutaxassislarining tashrifi doirasida aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari olib boriladi. Tibbiy ko‘riklar 10—11-fevralda “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi Tibbiy-ijtimoiy markazida, 12—13-fevralda esa Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq bolalar shifoxonasida o‘tkaziladi. Bunda aholini pediatr, kardiolog, neyroxirurg, terapevt, radiolog, oftalmolog, ginekolog va boshqa yo‘nalishlar mutaxassislari tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishadi.

Mazkur aksiya doirasida xorijlik mutaxassislar tomonidan 6 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni oftalmologik ko‘rikdan o‘tkazish ham rejalashtirilgan. Xususan, 10-fevralda Toshkent shahridagi 9-o‘rta maktab o‘quvchilari, 11-fevralda poytaxtimizdagi 24-sonli Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari; 12-fevralda O‘rta Chirchiq tumanidagi 1-sonli hamda 13-fevralda 48-sonli o‘rta maktablar o‘quvchilari ko‘rikdan o‘tadilar. Shifokorlar tavsiyalariga ko‘ra bemor bolalarga ko‘z uchun mo‘ljallangan moslamalar tarqatiladi.

Bundan tashqari, Severance klinikasi professorlari tomonidan Toshkent pediatriya tibbiyot institutida shifokorlar, tibbiyot xodimlari, mazkur institut magistrant va talabalari uchun ma’ruzalar o‘qiladi.