Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida yashovchi yosh tadbirkor Lochinbek Xo‘jayev xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi va shu orqali 40 nafar qishloq yoshlarini ish bilan ta’minladi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Manba: Wikimedia

Manba: Wikimedia

— Korxonamizda buyurtma asosida temir darvoza, eshik va romlar, panjaralar tayyorlanadi, —deydi Modern Max mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari Lochinbek Xo‘jayev. — Mahsulot savdosini yo‘lga qo‘yish uchun o‘z do‘konimizni ochganmiz.

Yosh tadbirkor bundan ikki yil avval Qarshi iqtisodiyot kasb-hunar kollejini bitirdi. O‘z biznesini yo‘lga qo‘yishda unga “Ipoteka bank”ning Qashqadaryo viloyati filialida o‘tkazilgan tadbirkorlik faoliyatiga bag‘ishlangan seminar turtki bo‘ldi. Lochinbek bankdan imtiyozli kredit olib, o‘z biznesini boshladi.

2013-yilda Modern Max MChJ tomonidan aholiga va turli tashkilotlarga buyurtma asosida 139 million so‘mlik mahsulot yetkazib berildi. Natijada korxonaning sof foydasi 12 million so‘mni tashkil etdi. “Ipoteka bank”dan berilgan 50 million so‘mlik kredit evaziga korxonani modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Korxonada olinayotgan daromad hisobidan ishlab chiqarilayotgan mahsulot turi va hajmi tobora ortib bormoqda. Kelgusida ishlab chiqarish faoliyatini yanada kengaytirish evaziga yangi turdagi qurilish materiallari ishlab chiqarish va kasb-hunar kolleji bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash mo‘ljallanmoqda.