Forbes jurnali Rossiya fuqarolari orasida eng badavlati biznesmen Alisher Usmonov ekanligini qayd etdi. U 18,6 milliard dollarlik sarmoyasi bilan umumjahon reytingida 40-o‘rinni egallab turibdi, deyiladi jurnalning saytida.

Foto: rbcdaily.ru

Foto: rbcdaily.ru

Jahonning eng badavlat kishilari ro‘yxatidagi yuqori yuztalikda Rossiyadan yana Mixail Fridman, Viktor Vekselberg, Vladimir Lisin, Leonid Mixelson, Gennadiy Timchenko, Vagit Alekperov, Vladimir Potanin, Andrey Melnichenko va German Xan ham bor. 2014-yilgi eng badavlat kishilar ro‘yxatiga jami 111 nafar rossiyalik kirgan, bu o‘tgan yilgiga nisbatan bittaga ko‘pdir. Ammo ularning umumiy boyligi 2013-yilgi ko‘rsatkich – 427 milliard dollardan 422 milliard dollarga (1,17 foiz) tushgan.

Dunyo milliarderlari ro‘yxatida birinchi o‘rinni Microsoft asoschisi Bill Geyts egallab turibdi. Forbes uning sarmoyasini 76 milliard dollarga baholadi, bu esa uning o‘tgan yilgi boyligidan 9 milliard dollarga ko‘pdir.

Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil dunyodagi milliarderlar soni 1645 nafarga yetdi, ularning umumiy boyligi esa 6,4 trillion dollarga yaqinlashdi. Milliarderlar ko‘pligi jihatidan avvalgidek AQSh yetakchi – ro‘yxatdagilarning 492 nafari amerikaliklar. Xitoy milliarderlari esa 152 nafarni tashkil etmoqda. 2014-yilgi ro‘yxatdan Jazoir, Litva, Tanzaniya va Uganda mamlakatlarining ilk milliarderlari ham o‘rin olgan, deya xabar beradi “ITAR-TASS”.

Avvalroq Forbes jurnali Las Vegas Sands kazinosi sohibi Sheldon Adelson, Facebook asoschisi Mark Sukerberg, hamda Amazon.com internet-kompaniyasi asoschisi va bosh direktori Jeff Bezos 2013-yilning eng omadli milliarderlari bo‘lganligini ma’lum qilgan edi.