AQShning Massachusets shtatida istiqomat qiluvchi haydovchi tezlikni oshirgani uchun yo‘l patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. U politsiya xodimlariga lotereyada yutgani uchun sovrinni olishga shoshilganini tushuntirgan. Haydovchi Skott Louning so‘zlariga ko‘ra, aynan ushbu quvonchli holat uni yo‘l harakati qoidasini buzishga majbur qilgan, deb xabar beradi Associated Press.

Foto: hwcjakarta.com

Foto: hwcjakarta.com

Shtatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari vakillari bilan suhbat vaqtida Lou ularga 50 ming dollar yutib olganini gapirib bergan va unga ushbu mablag‘ni keltirgan lotereya chiptasini ham ko‘rsatgan. Politsiyachilarning ta’kidlashicha, 22 yoshli haydovchi hayajonlangan va asabiylashgan holda bo‘lgan.

Politsiyachilar Louga og‘zaki ogohlantirish bildirib, uni qo‘yib yuborgan. Yosh haydovchiga yo‘l harakati qoidalariga e’tiborliroq bo‘lish va avtomobilni mas’uliyat hamda ehtiyotkorlik bilan boshqarish buyurilgan. Shundan so‘ng u yutug‘ini olish uchun yo‘lda davom etgan.

2013-yilning so‘ngida Florida politsiyasi yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilarga lahzalik lotereya chiptalarini tarqatgan edi. Politsiya yo‘l harakati ishtirokchilarining kayfiyatini ko‘tarish uchun ushbu aksiya amalga oshirildi, deb izohlagan.