Shu yilning 5—9-mart kunlari Germaniya poytaxti Berlinda ITB-2014 xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasi o‘tkaziladi. O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini namoyish etuvchi delegatsiya an’anaviy ravishda ushbu keng ko‘lamdagi yarmarkada ishtirok etadi. Bu haqda “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

itb2013-top

Foto: digital-trip.co.uk

Ayni paytda Berlinda O‘zbekistonning rasmiy namoyondasi sifatida qatnashadigan “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk Ipak yo‘li” reklama agentligi tayyorgarlik ishlarini amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, ko‘rgazmada 40 dan ziyod mahalliy kompaniyalar mamlakatimiz nomidan ishtirok etishi kutilmoqda. Ular orasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK va “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATYK ham bor.

Yagona Milliy stendimizda mahalliy turoperatorlar O‘zbekiston bo‘yicha barcha yo‘nalishlarni namoyish etadi. Raqs dastasining chiqishi va milliy taomlarimiz stendimizning yorqin jihati bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Tadbir mehmonlariga O‘zbekiston logotipi tushirilgan havo sharlari ulashish rejalashtirilgan.

O‘zbek delegatsiyasining asosiy vazifasi hududning sayyohlik sanoati imkoniyatlarini ko‘z-ko‘z qilgan holda chet ellik sayyohlar oqimini mamlakatimizga jalb qilishdir.