Toshkentdagi “Olimpiya shon-shuhrati” muzeyida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri turnirida yuksak natijalarga erishgan paralimpiyachilarni sharaflash marosimi bo‘ldi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Joriy yilning 19—26-fevral kunlari Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan Gran-pri turnirida o‘zbekistonlik paralimpiyachilar sakkiz oltin va uch kumush medalni qo‘lga kiritdi.

7

Foto: O‘zA

Qirqdan ziyod davlatdan mingdan ortiq sportchi ishtirok etgan musobaqaning 800 va 1500 metr masofaga yugurish bahslarida Faxriddin Hamroyev va Yoqutxon Xolbekova ikkitadan oltin medalni qo‘lga kiritib, Osiyo rekordlarini yangiladi. Ubaydulla Imomqulov esa yugurish musobaqalarida ikki marta shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Iqtidorli sportchi Farrux Mirzaqulov ham 100 metrga yugurishda 11,49 soniya natija bilan oltin medal va uzunlikka sakrashda kumush medal bilan taqdirlandi.

1

Foto: O‘zA

Disk uloqtirish musobaqasida Husniddin Norbekov 49,39 metr natija bilan birinchi o‘rinni band etdi. Tajribali sportchining yadro uloqtirish bahsidagi urinishlari ikkinchi o‘ringa loyiq topildi. Uzunlikka sakrash bo‘yicha Doniyor Soliyev kumush medalni qo‘lga kiritdi.

Tadbirda yengil atletika bo‘yicha Gran-pri turniri g‘olib va sovrindorlariga esdalik sovg‘alari topshirildi.