National Geographic telekanali vakillari O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Germaniyaning Lernidee kompaniyasi ijro etuvchi direktori Nurlan Mukash yaqinda Toshkentda o‘tkazilgan gid-tarjimonlar uchun seminarda ma’lum qildi.

national-geographic-channel-live-curious-600-66594

Foto: coloribus.com

Uzbekistan Today nashrining xabar berishicha, germaniyaliklar o‘zbek hamkasblari bilan hamkorlik qilishga qiziqish bildirmoqda. Kompaniyaning O‘zbekistondagi asosiy sherigi “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATYK qoshidagi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchitrans” OAJ hisoblanadi.

Ta’kidlash joiz, shu yilning 25-fevralida Lernidee kompaniyasi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchitrans” rahbariyati bilan O‘zbekistonda chet ellik sayyohlarga xizmat ko‘rsatishda yangi yuqori tezlikdagi poyezdlardan foydalanish borasida muzokaralar o‘tkazgan edi.

Nurlan Mukashning ta’kidlashicha, yaqin kelajakdagi hamkorlik loyihalaridan yana biri — O‘zbekistonga National Geographic vakillarini jalb qilishdir.

Ma’lumot o‘rnida: National Geographic — Amerikaning fan, tabiat, madaniyat va tarixga aloqador mavzulardagi ilmiy-ommabop filmlarni efirga uzatuvchi kanalidir.