O‘zbekiston Respublikasi Geologiya va Mineral Resurslar davlat qo‘mitasi yordamida o‘tkaziladigan mazkur tanlov respublikamizdagi barcha 7 yoshdan 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “Geologiyani bilsang - planetaning tarixini bilasan” mavzuida bo‘lib o‘tadi. Bu haqda UzReport xabar bermoqda.

I am in top point of Arashan2

Foto: Uzbekistan Today

Tanlovning maqsadi vatanimiz tog‘larini bolalar nigohida ko‘rish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi maktab o‘quvchilari o‘rtasida geolog kasbini targ‘ibot qilishdan iborat.

Qabul qilinadigan ishlar rasm, yasamalar, insho, she’r, fotosuratlar ko‘rinishida bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, ish ajoyib va o‘ziga xos bo‘lishi shart. G‘oliblarni “Geolog” oromgohida 2 haftalik unutilmas sayohat kutmoqda.

Shuningdek, qo‘mita tomonidan geologiya sohasidagi xodimlar o‘rtasida fotosuratlar tanlovi e’lon qilinadi. Mazkur tanlov: geolog dalada va uyda, O‘zbekiston tog‘lari, Geologiyada endogen va ekzogen jarayonlar mavzularida bo‘lib, unda faqatgina respublika geologiya sohasida bevosita ishlayotgan, chegaralanmagan yoshdagi O‘zbekiston fuqarolari qatnashishlari mumkin.

Tanlovga bosma 10×15 sm o‘lchamdagi, elektron 6 Mb hajmdagi surat, shuningdek, fotoishni chizma redaktorlarida qayta ishlangan tarzda topshirish mumkin.  Tanlovda ishtirok etuvchi suratlar ajoyib, ilgari hech qayerda ishlatilmagan va nashr qilinmagan bo‘lishi lozim. Yuborilgan suratda nima tasvirlanganligi, qachon va qayerda olinganligi ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.

Taqdim etilgan ishlardan tanlov tashkilotchilari muallifni majburiy tartibda ko‘rsatib o‘tish sharti bilan o‘z xohishlariga ko‘ra foydalanish huquqiga egadirlar. Tanlovda ishtirok etish uchun ishlar joriy yilning 30-apreliga qadar qabul qilinadi.

O‘zbekiston Geologlari Milliy qo‘mitasining qayd etishicha, tanlov yakunida jo‘natilgan fotoishlar ko‘rgazmasi tashkil etilishi kutilmoqda. G‘oliblar qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanib, ularning ishlari rasm sifatida keyinchalik O‘GMQsi turli nashrlarida qo‘llaniladi.