Opera Software kompaniyasi mobil telefonlar uchun mo‘ljallangan Opera Mini 8 brauzerini chiqarganligini e’lon qildi. Uning yanada takomillashgan tashqi ko‘rinishi va funksiyalari mobil telefondan samaraliroq foydalanish imkonini beradi. Brauzerning yangilangan minimalistik dizayni o‘zgacha qiyofadagi plitkali “Ekspress-panel” bosh sahifasi bilan e’tiborni tortadi, deb yozadi Mobinfo.uz.

Foto: mobinfo.uz

Foto: mobinfo.uz

Tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarishlar bilan bir qatorda, Opera Mini foydalanuvchilari uning bir qator yangi funksiyalaridan ham foydalanishlari mumkin. Jumladan:

  • Tungi rejim: qorong‘i payti mobil telefon ekraniga qarash xuddi quyoshga qarash bilan barobardir. Shu bois Opera Mini 8 versiyasida tungi rejim funksiyasi joriy etildi. Unga ko‘ra, sutkaning qorong‘i pallalarida ekranning yorug‘ligi kamayadi. Tungi rejimni telefon sozlamalari orqali sozlash mumkin.
  • Trafikni tejash: mazkur funksiya ma’lumotlar uzatish va qabul qilish jarayonini yaxshiroq nazorat etish imkonini beradi. Xususan, internet sahifalaridagi suratlar sifati avvaldan belgilab qo‘yiladi, keyin har safar kirganda sozlash shart bo‘lmaydi. Ma’lumotlarni zichlash texnologiyasi tufayli Opera Mini 8 barcha fayllarni asl o‘lchamining 10 foizigacha hajmda kichraytira oladi.
  • Maxfiy rejim: Opera Mini 8 versiyasida endi maxfiy varaqlar funksiyasi mavjud. Unda ochilgan sahifalardagi ma’lumotlar (login, parol va boshqalar) saqlanib qolmaydi.

Opera Mini 8 Java bazasida ishlovchi barcha zamonaviy telefon modellarida, shuningdek, BlackBerry qurilmalarida ishlaydi. Kompaniyaning saytiga kirib, Java-telefon yoki  BlackBerry uchun brauzerning yangi versiyasini bepul ko‘chirib olish mumkin.