Tailandning Bangsayen shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionati bahslari nihoyasiga yetdi. Qit’a chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi a’zolari to‘rtta kumush va oltita bronza medaliga sazovor bo‘lib, 14 davlat vakillari orasida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: gorod.lv

Foto: gorod.lv

Terma jamoamiz hisobiga uchta kumush medalni Sherzod Ma’rufjonov (-85 kilogramm) keltirdi. Sportchi dast ko‘tarishda 111 kilogramm, siltab ko‘tarishda 142 kilogramm, umumiy 253 kilogramm natijani qayd etdi. Yana bir kumush medalga Fayzullo Nabiyev (-77 kilogramm) sazovor bo‘ldi. Fayzullo dast ko‘tarish musobaqasida 129 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysuntirdi.

Osiyo chempionatining bronza medallari Azimjon G‘aniyev (-94 kilogramm) hamda Zufar Qodirovga (+105 kilogramm) nasib etdi. Azimjon G‘aniyev dast ko‘tarishda 135 kilogramm, siltab ko‘tarishda esa 170 kilogramm natijani qayd etib, umumiy 305 kilogramm natija bilan uchta bronza medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Zufar Qodirov dast ko‘tarishda 140 kilogramm, siltab ko‘tarishda 184 kilogramm toshni o‘ziga bo‘ysuntirib, umumiy 324 kilogramm natija bilan uchta bronza medali sovrindori bo‘ldi.