Aston University (Birmingem, Buyuk Britaniya) biologiya fakulteti talabalari “besh soniya qoidasi” deb ataluvchi irimning rostligini ilmiy jihatdan isbotlashdi. Mazkur qoidaga ko‘ra, polga tushib ketgan yegulik besh soniya ichida olinsa, uni bemalol yeyish mumkin, u sog‘lik uchun beziyon bo‘ladi. Bu gapning ilmiy asosga ega ekanligini talabalar tajriba yo‘li bilan tasdiqlashdi, deb yozadi Medportal.ru.

Foto: fishki.net

Foto: fishki.net

Aston University press-relizida ta’kidlanishicha, polga tushib ketgan yegulikka bakteriyalarning yuqishida uning pol yuzasiga qancha muddat tegib turishi hamda o‘sha yuzaning turi hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

Biologiya fakultetining mikrobiologiya professori Entoni Xilton rahbarligidagi bitiruvchi talabalari Escherichia coli va Staphylococcus aureus bakteriyalarining yuqishini maxsus tekshirib chiqishdi. Tajribalarda turli yeguliklar – pirog, biskvit va yopishqoq konfetning har xil yuzali (gilam qoplamali, laminatli va plitkali) pollarga tushishida bakteriyalar yuqishi tekshirildi. Bunda yegulikning pol yuzasiga tegib turish muddati 3 soniyadan 30 soniyagacha oraliqlarda bo‘lgan hollari tadqiq etildi.

Tajribalar natijasida ma’lum bo‘ldiki, bakteriyalarning yuqish jarayonida vaqt asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Yegulikning pol yuzasiga besh soniyagacha bo‘lgan muddatda tegib turishi holatlarida yuqish ehtimoli o‘ta past.

Bundan tashqari, pol yuzasi turining ham ahamiyati katta – yegulik besh soniyadan ortiq vaqt davomida laminat yoki plitkaga tegib tursa, unga bakteriyalar ko‘proq, gilam qoplamali pollarga tegib tursa – kamroq yuqar ekan.

Shuningdek, Xilton rahbarligidagi guruh odamlar orasida so‘rov o‘tkazib, ular “besh soniya qoidasi”ga qay darajada amal qilishlarini aniqladi. So‘ralganlarning 87 foizi polga tushib ketgun yegulikni darrov olib yeyishlarini ma’lum qilishdi. Shunday javob berganlarning 55 foizi ayollar bo‘lgan.