Xorazmda ishlab chiqariladigan Chevrolet Orlando avtomobilning turli pozitsiyalari narxlari e’lon qilindi, deb yozadi uz24.uz.

Chevrolet Orlando. Foto: “Daryo”

Chevrolet Orlando. Foto: “Daryo”

Internet-nashrlarga joylashtirilgan prays-listga ko‘ra, eng oddiy komplektatsiyadagi (LS/ M/T) Chevrolet Orlando avtomobilining narxi xalqaro plastik kartochkaga 57 160 700 so‘m, naqd pulga esa 67 200 000 so‘mni tashkil etadi. Oilaviy minivenning ikkinchi pozitsiyasi (LT/ M/T) xalqaro plastik kartochkaga 59 093 600 so‘mni, naqd pulga 70 000 000 so‘mga narxlangan. Uning uchinchi pozitsiyasi bo‘lsa 76 200 000 so‘m turadi.

Taqqoslash uchun Chevrolet Captiva modelining narxiga nazar soladigan bo‘lsak, Chevrolet brendi rasmiy sayti ma’lumotlariga ko‘ra, uni milliy valyutamizda 93 001 500 so‘mga sotib olish mumkin. Yana bir zamonaviy avtomobil – Chevrolet Malibu'ning uchinchi pozitsiyasi esa naqd pulga 99 750 000 so‘m turadi.

Ta’kidlash joiz, Orlando'ning narxlari haqida hozirgacha rasmiy ma’lumot berilmagan. Uz24 nashri keltirgan narxlar GM Uzbekistan tomonidan tasdiqlanmagan.

Eslatib o‘tamiz, Chevrolet Orlando miniveni haqidagi ilk ma’lumotlar o‘tgan yilning 7-noyabrida paydo bo‘lgandi. 26-noyabr kuni esa O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan birga Toshkent shahridagi GM Powertrain Uzbekistan zavodiga tashrif buyurgan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovda Chevrolet Orlando katta taassurot qoldirgani, 2014-yilning birinchi choragidan mazkur minivenni keng ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlangan edi.

Ammo keyinroq GM Uzbekistan’ning ishonch telefoni operatori O‘zbekistonda Chevrolet Orlando avtomobili ishlab chiqarilishini tasdiqlamagan edi. Joriy yilning 3-yanvarida esa mazkur avtomobil shu yil boshidan ishlab chiqarila boshlashi rasman tasdiqlandi.

2014-yil 10-mart kuni Sirg‘ali tumanidagi Driver’s Village avtosalonida Chevrolet Orlando oilaviy minivenining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi.