12-mart kuni Manxettenda turar joy binosida yuzaga kelgan portlash oqibatida ikki kishi hayotdan bevaqt ko‘z yumdi. Yana 18 kishi esa turli darajada tan jarohati oldi, deb yozadi NBC News.

Foto: nbcnews.com

Foto: nbcnews.com

Nyu-York shahri meri Bill de Blazio so‘zlariga ko‘ra, portlashga gaz sizib chiqishi sabab bo‘lgan. Ofat natijasida ikkita uy butkul vayron bo‘lgan.

Qutqaruvchilar hozirda qidiruv ishlarini davom ettirishmoqda, chunki xarobalar ostida yana odamlar qolib ketgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Mazkur voqea Sharqiy Garlemda, 116-ko‘cha va Park-avenyu kesishgan joyda, taxminan ertalabki soat to‘qqiz yarimlarda yuz bergan. Xabarga ko‘ra, portlashdan keyinoq bino tomida yong‘in boshlangan.

Ushbu portlash sababli metropolitenning Markaziy vokzal bekati vaqtincha yopib qo‘yilgan. Chunki yo‘llarda juda ko‘p axlat yig‘ilib qolgan, deya izoh berishmoqda qutqaruv xizmatidagilar.