Chelyabinsk viloyatidagi Magnitogorsk shahrida yashovchi Sergey Jarkov eski uyali aloqa telefonlari muzeyini ochishga qaror qildi. Bu haqda “Xoroshiye novosti” nashri ma’lumotiga tayanib “ITAR-TASS” xabar bermoqda.

Foto: hornews.ru

Foto: hornews.ru

G‘oya muallifining so‘zlariga qaraganda, hozirgi vaqtda u muzey kolleksiyasini to‘ldirish maqsadida eskirgan mobil qurilmalarni yig‘ish ishlari bilan band. “Buning uchun keraksiz qurilmalarni olishimni bildirib ko‘chalarga e’lonlar yopishtiryapman, internetda yozyapman”, — deydi Jarkov.

Sergeyning ta’kidlashicha, hozircha uning to‘plamida 20 modeldagi mobil qurilmalar bor. Ular orasida, masalan, yetti santimetrlik mitti telefon, ayollar pardoz anjomi shaklidagi mobil qurilma, kamerasi alohida sotib olinib ulanadigan telefon kabilar mavjud.

Jarkovning fikricha, mazkur telefonlarning bari bu kabi qurilmalarni umuman ko‘rmagan yoshlarni qiziqtirishi tabiiy. Shuningdek, “retro” uyali aloqa telefonlarini sog‘ingan katta yoshlilar ham bu kolleksiyaga befarq qarashmaydi.

Kolleksionerning so‘zlariga ko‘ra, kelajakda u “smartfonlar erasi”dan avval ishlab chiqarilgan mingga yaqin uyali telefonlarni yig‘moqchi. Eksponatlar ostidagi lavhachalarga esa qurilma haqidagi ma’lumotlar bilan birga, uni muzeyga kim taqdim etganini ham yozib qo‘yishga Jarkov va’da bermoqda. U yaqin uch-to‘rt oy ichida muzey uchun joy izlashga tushadi.