2014-yilning 17-mart kuni ertalab bo‘lib o‘tgan brifingda Qrim muxtoriyati referendum o‘tkazish komissiyasi rahbari Mixail Malishev so‘zga chiqdi. Uning ma’lum qilishicha, referendumda qatnashgan qrimliklarning aksariyati muxtoriyatning Federatsiya subyekti sifatida Rossiyaga qo‘shilishini yoqlab ovoz bergan. Bu to‘g‘rida INTERFAX.RU xabar qilmoqda.

Foto: vm.ru

Foto: vm.ru

Saylov uchastkalarining 75 foizidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning 95,7 foizi shu qarorni ma’qullagan. Referendumda ishtirok etganlarning 3,2 foizi esa Qrim muxtoriyati Ukraina tarkibida qolishini yoqlab ovoz bergan. Bir foizdan ko‘proq saylov varaqalari yaroqsiz deb topilib, hisobga kiritilmagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, saylovchilarning referendumda ishtiroki 82,71 foizni tashkil etgan. Qrimda bu ko‘rsatkich 81,36 foizga teng bo‘lsa, Sevastopolda 89,51 foizni tashkil etgan.

Mazkur referendumning mojaroli tomonlaridan biri unda qrim-tatarlarning ishtiroki bo‘ldi. Chunki saylovdan oldin ular orasida referendumda qatnashmasdan, boykot qilishga chaqiruvlar bo‘lgan. Saylov komissiyasi vakillarining so‘zlariga ko‘ra, qrim-tatarlarning ishtiroki chindan ham nisbatan past bo‘lgan, ammo shu ko‘rsatkich ham boykot amalga oshmaganligini ko‘rsatgan.

“Qriminform” axborot agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 23 mamlakatdan tashrif buyurgan 135 nafar kuzatuvchi, shuningdek, Qrim jamoat tashkilotlari hamda siyosiy partiyalari vakillari bo‘lgan 240 naqar kuzatuvchi referendum jarayonini kuzatib borishgan. Kun davomida ovoz berish jarayoni bilan bog‘liq salbiy holatlar qayd etilmagan.

Simferopol shahri markazida esa ovoz berish yakunlangach, ko‘p ming kishilik miting-konsert bo‘lib o‘tgan. Aksiya ishtirokchilari qo‘llarida Rossiya va Qrim bayroqlarini ko‘tarib olishgan. Maydon markaziga o‘rnatilgan sahnaga ommaviy Rossiya va Qrim jamoalari chiqib, vatanparvarlik yo‘nalishidagi qo‘shiqlarni kuylashgan.

Qrim bosh vaziri Sergey Aksenov allaqachon muxtoriyatning Rossiya tarkibiga “imkon qadar tez, biroq barcha yuridik jarayonlarga amal qilgan holda” qo‘shilishini e’lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 17-mart kuni Qrim Oliy kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tadi va unda Rossiya prezidentidan Qrimni RF tarkibiga qo‘shib olish so‘raladi. Shu kunning o‘zidayoq Qrim delegatsiyasi yarimorolning Rossiyaga qo‘shilishi masalasini muhokama etish uchun Moskvaga uchadi.