Malaysia Airlines’ga tegishli, 8-mart kuni g‘oyib bo‘lib qolgan Boeing 777-200ER samolyotini qidiruv ishlarida qatnashayotgan Avstraliya Hind okeanida mazkur laynerga aloqadorligi gumon qilinayotgan ikkita obyekt  topilgani haqida xabar berdi. Bu haqda 20-mart kuni ertalab Agence France-Presse ma’lumot tarqatdi.

Toni Ebbot / Foto: afp.com

Toni Ebbot / Foto: afp.com

Yangi, “ishonish mumkin bo‘lgan” ma’lumotlar mavjudligini Avstraliya bosh vaziri Toni Ebbot aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Avstraliya kemachilik xavfsizligi xizmati (AKXX) sun’iy yo‘ldosh orqali olingan suratlarni tahlil qilayotib, yo‘qolgan “Boing”ga aloqadorligi ehtimoli bo‘lgan ikkita obyektni aniqlagan. Ular joylashgan yerga allaqachon Avstraliya Harbiy havo kuchlariga tegishli bitta va boshqa yana uchta samolyot jo‘natilgan, ular yaqin orada yetib borishadi.

Aniqlangan obyektlar qayerda joylashganligi haqida Ebbot ma’lumot bermagan. Shuningdek, bosh vazir mazkur obyektlarni topish ham “o‘ta qiyin masala” ekanligini aytib, yana oldindan biror xulosa chiqarmaslikka ham chaqirgan. “Ehtimol, ularning samolyotga hech qanday aloqasi yo‘qdir”, – degan u.

Agence France-Presse’ning aniqlik kiritishicha, Avstraliya “Boing”ni izlash ishlarini Hind okeanining janubida amalga oshirmoqda. Malayziya tomonining fikricha, o‘z yo‘nalishini o‘zgartirgan layner o‘sha tomonga yoki Markaziy Osiyoga qarab uchgan bo‘lishi ehtimoli yuqori.

20-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida AKXX vakillari mazkur obyektlar ayni damda samolyot bilan bog‘liqligi ehtimoli eng yuqori bo‘lgan omillar ekanini ta’kidladi.

19-mart kuni tarqalgan xabarlarga ko‘ra, o‘sha “Boing”ga o‘xshash samolyotni 8-mart kuni Maldiv aholisi ham ko‘rgan. Mazkur davlat Hind okeanida, biroq hozirgi qidiruv ishlari olib borilayotgan hududdan tashqarida joylashgan.

Avval xabar qilganimizdek, 8-mart kuni yo‘qolgan Boeing 777-200ER samolyotini qidirishda 25 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston ham qatnashmoqda. Keyinchalik laynerni uning bortida bo‘lgan shaxslar olib qochganligi borasidagi taxmin ilgari surilgan. Chunki samolyotning aloqa tizimlari atayin o‘chirib qo‘yilganligi aniqlangan. Shu bois Malayziya politsiyasi ushbu reys uchuvchisi Zahari Ahmad Shohning uyida tintuv o‘tkazib, qo‘lbola aviasimulyator topilganligidan xabaringiz bor. Tekshiruvlarning ko‘rsatishicha, mazkur oyning boshida kompyuterdagi ma’lumotlarni qayd etish jurnalidan allaqanday ma’lumot o‘chirilgan. Shuningdek, qo‘lbola simulyatorga Hind okeani hududidagi beshta uchish-qo‘nish yo‘lagi haqida ma’lumot kiritilganligi ham aniqlangan.