AQSh prezidenti Barak Obama sanksiya e’lon qilingan rossiyaliklar ro‘yxatini yanada kengaytirdi. Unga ukrainalik va rossiyalik amaldorlar, biznesmenlar, shuningdek, “Rossiya” banki ham kiritilgan. Bu to‘g‘ridagi hujjat AQShning Moliya vazirligi saytida 20-mart kuni e’lon qilingan.

Foto: vzglyad.az

Foto: vzglyad.az

Yangi ro‘yxatga 20 nafar kishi kiritilgan. Obamaning izoh berishicha, Qrimda “noqonuniy” referendum o‘tkazilganligi hamda yarimorolning “bosib olinganligi” sababli sanksiyaga tushganlar ro‘yxati kengaytirilgan.

Yangi ro‘yxatdagi ismlarning aksariyati muxolifatchi Aleksey Navalniy tomonidan New York Times gazetasi saytida e’lon qilingan maqolada ham bor. Mazkur siyosatchi unda ushbu shaxslar Putinning “yaqinlari doirasi”ga kirishlarini bayon etgan.

Bundan avval, 17-mart kuni AQSh 11 rossiyalik amaldorga nisbatan sanksiya qo‘llagan. Rossiya deputatlari esa bunga javoban barchalariga sanksiya e’lon qilinishini so‘rab bayonot qabul qilishgan. Shu tariqa, Ukrainadagi inqiroz sababli Qo‘shma Shtatlar jami 31 kishiga va bitta bankka nisbatan sanksiya joriy qildi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqining ham sanksiyalar ro‘yxati mavjud bo‘lib, undagi ayrim ism-shariflar AQSh ro‘yxatida ham bor. Shuningdek, Rossiyaga qarshi Kanada va Avstraliya ham sanksiyalar e’lon qilgan.