Rossiya har yili Qrim respublikasidagi pensionerlar uchun 36 milliard rubl (taxminan 998 172 000 AQSh dollari) miqdorida mablag‘ ajratadi. Bu haqda Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari Olga Golodets bergan ma’lumotga tayanib “ITAR-TASS” xabar qilmoqda.

Olga Golodes / Foto: economy.ru

Olga Golodes / Foto: economy.ru

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur summa ichiga Qrim va Sevastopolning pensiya tizimidagi umumiy xarajatlar kiradi. Shuningdek, bosh vazir o‘rinbosarining ta’kidlashicha, Federatsiya tarkibiga ikkita yangi subyekt qo‘shib olinishi Rossiyaning o‘z fuqarolari oldidagi ijtimoiy majburiyatlariga ta’sir etmaydi. “Chunki 143 million kishi yashaydigan Rossiya uchun qo‘shimcha ikki million bir yuz ming aholi hech qanday qiyinchilik tug‘dirmaydi”, – dedi u.

20-mart kuni “Praym” agentligining ma’lum qilishicha, Qrim byudjetining barcha xarajatlarini Moskva qoplaydi. Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov bu haqda ma’lumot berar ekan, aniq summani aytmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moliya vazirligi hozircha Qrim pensiya jamg‘armasini moliyalashtirish hisob-kitoblarini qilib ulgurmagan.

Rossiya prezidenti mehnat vaziri Maksim Topilinga qrimliklarning pensiyalarini qisqa muddatlarda rossiyaliklar darajasiga yetkazishni topshirdi. “ITAR-TASS” ma’lumotlariga ko‘ra, buning natijasida qrimliklarning pensiyalari ikki baravar ko‘payadi.