Joriy yilning 18-mart kuni Qrim va Sevastopolni Rossiya tarkibiga qabul qilish to‘g‘risida shartnoma imzolangan edi. Rossiya Federatsiyasi Davlat Dumasining 20-mart kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida esa mazkur davlatlararo shartnoma ratifikatsiya qilindi. Bu to‘g‘rida “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: ria.ru

Foto: ria.ru

20-mart kuni prezident Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi hamda Qrim respublikasi o‘rtasida imzolangan shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Davlat Dumasiga kiritdi. Uni deputatlarning 443 nafari qo‘llab-quvvatladi, bitta qarshi ovoz berildi. Shunday qilib, Rossiya Federatsiyasi tarkibiga yangi subyektlar – Qrim respublikasi va federal ahamiyatga ega Sevastopol shahri qo‘shib olinadigan bo‘ldi.

Shartnoma matniga ko‘ra, u imzolangan vaqtidan boshlab vaqtincha amalda bo‘ladi va ratifikatsiya qilinganidan keyin kuchga kiradi. U kirish qismi hamda o‘nta moddadan iborat. Shartnomaga ilova qilingan hujjatda shunday deyiladi: “Mazkur shartnoma 2014-yil 16-martda Qrim avtonom respublikasi hamda Sevastopol shahrida bo‘lib o‘tgan umumqrim referendumida erkin ifoda etilgan Qrim xalqining xohish-istagiga asoslangan”.

Shartnomada ko‘rsatilishicha, 2015-yilning 1-yanvariga qadar o‘tish davri amalda bo‘lib, unda Qrim va Sevastopolning Rossiyaning iqtisodiy, moliyaviy, kredit va huquq hamda davlat organlari tizimiga integratsiyalashuvi masalalari tartibga solinadi.