2009–2010-yillarda gaz pedalini gilamcha siqib qolishi sababli 10 milliondan ortiq Toyota mashinalarining qaytarib olinganligi yuzasidan Amerika Qo‘shma Shtatlari hukumati avtomobilsozlik kompaniyasi bilan kelishib oldi. AQSh bosh prokurori Erik Xolderning bu haqdagi nutqi matni mamlakat Adliya vazirligi saytiga joylashtirilgan.

Foto: carzclub.ru

Foto: carzclub.ru

Kelishuv shartlariga muvofiq, Toyota 1,2 milliard dollar miqdorida jarima to‘laydi. Bu esa AQSh tarixida avtomobil kompaniyalariga belgilangan eng katta miqdordagi jarimadir.

Bundan tashqari, Yaponiya avtomobil ishlab chiqaruvchisi o‘zining aybini – ma’lumotni yashirganligi va iste’molchilarni chalg‘itganligini tan olishi lozim. Kompaniya mustaqil auditor tomonidan sinchkovlik bilan tekshiruvdan o‘tkaziladi. Xolderning nutqida ta’kidlanishicha, Toyota tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar miqyosini hisobga olganda, prokuratura adolatli hukm chiqargan.

AQSh hukumati bu borada bir necha yil davomida tekshiruvlar olib bordi. 2009–2010-yillarda Toyota va Lexus mashinalari egalari tomonidan ko‘p sonli shikoyatlar tushgan, ularda gaz pedalini gilamcha siqib qolishi aytilgan.

Foto: motortrend.com

Foto: motortrend.com

2009-yilning sentabrida kompaniya o‘z avtomobillarining ilk bora qaytarib olinishini ma’lum qilgan. AQSh hukumatining ta’kidlashicha, ishlab chiqaruvchi birdaniga ko‘proq mashinalarni qaytarib olishi lozim edi, ammo Toyota zaruriy choralarni ko‘rishni kechiktirib, o‘z obro‘sini ham to‘kdi. Kaliforniyada yo‘l-transport hodisasida yettita patrul xodimi halok bo‘lgach, xalqning noroziligi yanada kuchaygan. Chunki bu hodisaga Lexus gaz pedalini gilamcha siqib qolishi natijasida kutilmaganda uning tezligi oshib ketganligi sabab bo‘lganligi taxmin qilingan.