Ukraina o‘zining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi rais maqomidan voz kechmoqchi. Bu haqdagi nota yaqin orada MDH ijroiya qo‘mitasiga yuboriladi, deyiladi mamlakat Tashqi ishlar vazirligi saytida 19-mart kuni e’lon qilingan bayonotda.

Foto: newsukraine.com.ua

Foto: newsukraine.com.ua

Ukraina tomonining fikricha, MDH o‘zining vazifasini – unga a’zo mamlakatlar orasidagi ziddiyatli vaziyatlarni hal etish ishini bajarmayapti va “ayrim a’zolarning, shu jumladan Rossiya Federatsiyasining manfaatlarini amalga oshirish moslamasi”ga aylanib qolgan.

Bundan tashqari, Hamdo‘stlikda tashkilotning “tayanch tamoyillari”ga, xususan, “a’zo davlatlarning suverenitetini va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, davlat chegaralarining daxlsizligi va buzilmasligi, kuch ishlatishga va kuch ishlatish tahdidiga yo‘l qo‘ymaslik, xalqaro nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish tamoyiliga sodiqlik”ka amal qilinmayapti, deyiladi bayonotda.

Shulardan kelib chiqib, Ukraina ham MDH tarkibidan chiqish huquqiga ega, deyiladi yana xabarda. Bu xususda Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi kotibi Andrey Parubiy ham 19-mart kuni so‘z yuritib, mamlakat Hamdo‘stlik tarkibidan chiqish niyatida ekanligini bildirgan.