“AvtoVAZ” prezidenti Bu Andersson kompaniyaning rivojlanishiga doir yangi rejani tayyorladi. Korxona oldiga qo‘yilgan asosiy maqsadlardan biri sifatida Rossiyaning eng yaxshi avtomobil ishlab chiqaruvchisiga aylanish belgilangan. Mazkur reja “AvtoVAZ”ning rasmiy saytida e’lon qilingan.

Dmitriy Medvedev va Bu Andersson / Foto: avtomaniya.com

Dmitriy Medvedev va Bu Andersson / Foto: avtomaniya.com

Ushbu hujjatda kompaniyaning turli modellarini yangilashga oid rejalar ham aks ettirilgan. Ularga  ko‘ra, 2015-yilning oxiri – 2016-yilning boshlariga borib 4×4 modeli yangilanadi, 2017-yilga borib esa yangi avlod avtomobillari ishlab chiqariladi. 2016-yilning ikkinchi yarmida Lada Granta sedani va xetchbekining yangilanishi kutilmoqda. Zamonaviylashtirilgan “Kalina” esa 2016-yil oxiri – 2017-yil boshlarida chiqadi. “Priora” oilasiga mansub avtomobillarning ishlab chiqarilishi 2016-yilning birinchi yarmida to‘xtatiladi. Uning o‘rniga Vesta nomli sedan va xetchbek ishlab chiqariladi; ulardan birinchisi 2015-yilda, ikkinchisi esa 2016-yilda chiqariladi.

2015-yil oxiri – 2016-yil boshlarida “AvtoVAZ” kompaniyaning o‘zida “yuqori xetchbek” deb nomlanayotgan modelni bozorga chiqaradi. Shuningdek, ixcham krossover ishlab chiqarish ham ko‘zda tutilgan. Bulardan tashqari, “AvtoVAZ” C-segmentga oid sedan va krossover yaratishni ham rejalashtirgan, ular 2017-yilda taqdim etiladi.

Avvalroq Bu Andersson “AvtoVAZ”da 7,5 ming kishini (shulardan 5 ming nafari ishchilar) qisqartirishga qaror qilgan edi. Ikki tomonlama kelishuv asosida shu yilning fevralida kompaniyani tark etgan xodimlarga o‘rtacha oylik ish haqining besh barobari miqdorida pul berildi. Bundan tashqari, “Rossiyskaya gazeta”ning yozishicha, kompaniya prezidenti xorijlik mutaxassislar sonini ikki baravarga qisqartirmoqchi. Shuningdek, Andersson xodimlarning mehnat safarlari bilan bog‘liq xarajatlarni ham qisqartirish hamda mazkur jarayonlarni shaxsan nazorat etib borishni rejalashtirgan.

Aytib o‘tish kerakki, bu kompaniya mahsulotlariga Rossiyada talab katta; ma’lumotlarga ko‘ra, hatto mashina o‘g‘rilari ham eng ko‘p “AvtoVAZ” mahsulotlarini o‘g‘irlashgan – 2012-yilda Rossiyada o‘g‘irlangan mashinalar orasida “Lada”larning ulushi 33 foizga teng.