Janubiy koreyalik amaldorlar maktab o‘quvchilari smartfonlariga maxsus dastur o‘rnatish rejasini ilgari surmoqda. U orqali o‘qituvchilar qurilmalarni to‘liq nazorat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda TJournal nashri xabar bermoqda.

south-korea-intensifies-532ad8d69a2ac

Foto: TJournal

Ushbu dastur iSmartKeeper deb atalib, uning yordamida qurilma egasini smartfonning ma’lum funksiya va servislaridan cheklash mumkin. O‘qituvchilar bolalarning telefonlarini oltita rejimdan biriga o‘tkazib qo‘yish imkoniga ega bo‘ladi. Bular: barcha qurilmalarni bloklab qo‘yish, faqat favqulodda qo‘ng‘iroqlarga ruxsat berish, faqat qo‘ng‘iroqlarga ruxsat berish, qo‘ng‘iroqlar va SMSlarga ruxsat berish hamda ma’lum bir dasturni o‘chirib qo‘yish.

G‘oya egalarining fikricha, bunday qat’iy chora-tadbirlar maktab bolalariga dars vaqtida chalg‘imasligi uchun zarurdir. Shu bilan birga, ular qurilmalarni o‘quv maqsadlarida ishlataverishi mumkin.

iSmartKeeper maxsus kompyuter dasturi yordamida boshqariladi. O‘qituvchi har bir rejim uchun jadval tuzib olishi mumkin. Masalan, biologiya darsida faqat shu fanga tegishli dastur ishlashini nazorat qiladi. Shuningdek, dasturda geolokatsiya funksiyasi bo‘lib, u orqali o‘qituvchi bolaning maktabga kelganini bilishi mumkin.

Bundan tashqari, iSmartKeeper yordamida ota-onalarga ham o‘z farzandlarini nazorat qilish imkoni beriladi.

Ayni paytda dastur Seulning 11 ta maktabida sinovdan o‘tkazildi, ulardan uchtasi ushbu dasturdan voz kechdi. Ma’lum bo‘lishicha, tizimda ba’zi kamchiliklar mavjud. Bundan tashqari, ba’zi o‘quvchilar dasturni bemalol buzishga erishgan.