Turkiya bosh vaziri Rajab Tayyib Erdo‘g‘on Twitter mikroblogini mamlakatdan tag-tomiri bilan yo‘q qilishi haqida bayonot berdi. Bu haqda Turkiyaning Hurriyet gazetasi xabar berdi.

Erdogan-paket-mer-po-demokratizatsii-napravlen-na-budushchee-Turtsii-реджеп

Foto: vestikavkaza.ru

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat hukumati Turkiyani Twitter’siz qoldirishi mumkin bo‘lgan sud qaroriga ega. Bosh vazir bunga xalqaro jamoatchilik qanday munosabat bildirishiga qiziqmasligini ta’kidladi va “Hamma Turkiyaning kuchini ko‘rib qo‘ysin”, — dedi.

Sud qarori nima bilan bog‘liqligi, Turkiyada Twitter faoliyatini nima sababdan cheklash rejalashtirilayotgani noma’lum.

Erdo‘g‘on mart oyi boshidayoq Twitter va Facebook ijtimoiy tarmoqlari Turkiyada o‘z faoliyatini to‘xtatishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Biroq o‘sha paytda u buning “zaruriyat tug‘ilganida” amalga oshishini ta’kidlagan edi.

Bosh vazir Twitter’ning turk jamoatchiligiga salbiy ta’siri haqida ko‘p bora gapirgan, ushbu servis orqali noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqalayotganini qoralagan edi.