Almati shahrida O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi tomonidan Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan tantanali qabul marosimi hamda Gentra avtomobilining taqdimoti o‘tkazildi. Bu to‘g‘rida “Jahon” axborot agentligi xabar qiladi.

Foto: smolmotor.ru

Foto: smolmotor.ru

Tadbirda Qozog‘istonning vazirlik va idoralari, ilmiy va ishbilarmon doiralari vakillari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Marosimda so‘zga chiqqanlar qadimiy bayram bo‘lmish Navro‘z ikki xalqning tarixi, madaniyat va an’analaridagi mushtarakliklarning o‘ziga xos timsoli ekanligini ta’kidlashdi.

Shuningdek, O‘zbekiston qisqa tarixiy fursat ichida kuchli demokratik davlatga aylanganligi e’tirof etildi. Taqdimoti o‘tkazilayotgan Gentra avtomobili ham mamlakatning iqtisodiyotni modernizatsiyalashdagi, industrial-innovatsion taraqqiyotdagi erishgan yutuqlaridan biri sifatida yuksak baholandi. Sifatli va zamonaviy ko‘rinishga ega bo‘lgan mazkur avtomobil taqdimoti, tadbir ishtirokchilarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-siyosiy va madaniy-gumanitar sohalarda erishgan yutuqlarini aks ettirib turibdi.

Marosim yakunida Qozog‘iston vakillari O‘zbekiston xalqini Navro‘z bilan samimiy tabriklab, musaffo osmon, tinchlik va yanada yuksalish tiladilar.