Boks olamining tirik afsonalaridan biri Mayk Tayson oxirgi marta jahon chempioni bo‘lganidan beri 20 yil o‘tdi. U sayyoramizning eng xavfli odami nomiga erishganiga esa 25 yil to‘ldi, deb xabar bermoqda “Sports.uz”.

Mayk Tayson. Foto: yourblackworld.net

Mayk Tayson. Foto: yourblackworld.net

Ayni vaqtda “Temir” Mayk promouterlik kompaniyasini boshqarish bilan mashg‘ul. U bo‘sh vaqtida super og‘ir vaznning ikki umidli yulduzlaridan: Brayant Jennings hamda Deontey Uaylder haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

“Jennings oxirgi jangida haqiqatan ham ancha yaxshi harakat qildi. Shuningdek, Uaylderning ham Malik Skottga qarshi so‘nggi o‘tkazgan bahsini kuzatdim. Mening 3 yoshli o‘g‘lim hozir istagan odamini nokaut qilishi mumkin. Agar unga javob zarbasi kelsa nima qilarkan? Aytmoqchimanki, biron-bir xulosaga kelishdan oldin, Deonteyga kimdir ringda kutilmagan kuchli zarba yo‘llaydigan vaziyatni kutish kerak. Ko‘ramiz, u bunga qay darajada tayyor ekan”, — deydi Mayk.