Ispaniyaning Ibitsa orolida 2014-yilning 1-iyunida Sublimotion restorani ochiladi. U dunyodagi eng qimmat restoran sifatida e’tirof etilmoqda. Restoranda kechki ovqat narxi 1500 yevro bo‘lishi kutilmoqda. Espanarusa.com internet portalida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu qadar qimmat narxlar unda faoliyat yuritadigan oshpazlarning yuksak reytingi va taomlarning o‘ziga xosligi bilan bog’liq.

Pako Ronsero. Foto: hola.com

Pako Ronsero. Foto: hola.com

Sublimotion restoranining bosh oshpazi dunyoga mashhur restoranlar gidi — Mishlendan ikkita yulduzga ega Pako Ronsero bo‘ladi. Ronsero yuksak saviyadagi taomlarni qadrlaydigan haridorlarga yangi texnologiyalar vositasida betakror ta’m sifatini taqdim etishni va’da qilgan.

Sublimotion'dagi kechki taom spektakl jarayoniga qiyoslangan. Buyurilgan taomlar restoran mehmonlari tomon maxsus havo kameralari yordamida uchib keladi va stol markazidan joy oladi. Restoranda 12 kishiga mo‘ljallangan faqatgina bitta stol bo‘lishi rejalashtirilgan. Taomlarni tortiq qilish jarayoni turli xushbo‘y aromatlar kompozitsiyasi bilan o‘zaro uyg’unlikda amalga oshiriladi. Ofitsiantlar bir kechada 20 marotaba kiyimlarini almashtiradi. Tanovvul vaqti ikki yarim soat davom etishi ko‘zda tutilgan.

Sublimotion Playa-den-Bossa (Platja d’en Bossa) kurortidagi Hard Rock Hotel mehmonxonasida ish boshlaydi. Mehmonxonaning ochilishi 18-mayga belgilangan. U mazkur tizimdagi Yevropadagi ilk obyekt hisoblanib, Ibitsa orolidagi eng yirik besh yulduzli majmua bo‘ladi.

Bunga qadar dunyodagi eng qimmat restoran Yaponiyaning Kitcho restorani hisoblanib, unda kechki ovqat narxi 620 dollar (450 yevro) bo‘lgan.