AQSh prezidenti Barak Obama Rossiyani Ukrainadagi tanazzul masalasida Jeneva shartnomasiga rioya qilmaganlikda ayblab, yangi sanksiyalar qo‘llanishi haqida ogohlantirdi. Bu haqda xabar bergan Los Angeles Times gazetasida yozilishicha, Oq uy rahbari Moskvani 24-aprel kuni Tokioda Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida shunday ogohlantirgan.

Barak Obama. Foto: gazeta.ru

Barak Obama. Foto: gazeta.ru

AQSh prezidentining fikriga ko‘ra, Rossiya hukumati qo‘llayotgan siyosat “Jenevada qabul qilingan shartnoma majburiyatlariga mutlaqo zid”. Mazkur bitimga Rossiya aynan qaysi masalalarda amal qilmayotganligi mavzusiga Obama hech qanday izoh bermagan. Uning ta’kidlashicha, Rossiya o‘z ta’sirini o‘tkazsa, Ukraina sharqidagi qurollangan ayirmachilarni Ukraina hukumatiga taslim bo‘lishlariga osonlik bilan erishish mumkin.

Shuningdek, Obama Rossiya Ukraina muammosi bo‘yicha o‘z pozitsiyasini o‘zgartirmagan taqdirda AQSh tomonidan “navbatdagi sanksiyalar qo‘llanishi”ni ta’kidladi. Uning aytishicha, Amerika Ukrainadagi beqaror vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilishga erishish yo‘lida kurashishni davom ettiradi.

Matbuot anjumanida Yaponiya Bosh vazirining ta’kidlashicha, Tokio va Vashingtonning xulosasiga ko‘ra “Ukrainada qurol ishlatilishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”. Bundan tashqari, prezidentlar o‘z nutqlarida Ukrainaga yordam ko‘rsatishning muhim ahamiyatiga to‘xtaldilar.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda AQSh davlat kotibi Jon Kerri Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan telefon orqali uyushtirilgan suhbat davomida Jeneva shartnomasi talablaridan kelib chiqib, Ukrainadagi federalizatsiya tarafdorlaridan bo‘lgan faollarni qurollarni topshirishga ko‘ndirish lozimligi haqidagi fikrlarini bayon qilgan edi.