2014-yilning 22-aprel kuni O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasida KBS (Koreya teleradioeshittirish) kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb yozadi UzReport.

Foto: koreilbo.com

Foto: koreilbo.com

Unda Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi Elchixonasi ikkinchi kotibi Pak Insong ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar 2013-yil 22-avgustda imzolangan “O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va Koreya teleradioeshittirish tizimi — KBS o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida”gi Memorandum doirasida audiovizual kontent almashinuvini kengaytirish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va tajriba almashish masalalari bo‘yicha o‘zaro foydali hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari mavzusida muzokara olib bordi.

Jumladan, KBS kompaniyasining Koreyada ommabop bo‘lgan “Konsert maydonchasi” teleko‘rsatuvini birgalikda suratga olishning tashkiliy-texnik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Koreya delegatsiyasi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra, joriy yilda Toshkentda Koreya estrada xonandalari ishtirokida Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi do‘stlik hamda hamkorlikka bag‘ishlangan konsert tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shu munosabat bilan, tashkiliy-texnik masalalarni hal qilish orqali tomonlarning suratga olish ishlarini tashkil etish imkoniyatlari to‘g‘risida o‘zaro fikr almashildi.

Uchrashuv davomida O‘zbekiston vakillarining taklifini inobatga olgan holda, KBS kompaniyasi vakillari joriy yil 15—16-may kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan “O‘rta asrlar Sharq olim va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiyada tutgan o‘rni va ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy konferensiyada qatnashishi va yoritishi, hamkorlikda o‘rta asr mutafakkirlarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli filmni suratga olish hamda O‘zbekiston MTRK tomonidan ishlab chiqarilgan hujjatli filmni KBS kompaniyasining telekanallarida namoyish etish imkoniyatlari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.