Rossiya Mudofaa vaziri Sergey Shoyguning bayonotiga asoslangan holda “Interfaks”ning ma’lumot berishicha, Rossiya armiyasi Ukrainaning janubi-sharqidagi vaziyatga javoban harbiy mashg’ulotlar o‘tkazishni boshladi. Bundan tashqari, Ukraina davlat chegarasi yaqinida harbiy aviatsiya ham o‘z mashg’ulotlarini o‘tkazadi.

Sergey Shoygu. Foto: “RIA Novosti”

Sergey Shoygu. Foto: “RIA Novosti”

Mudofaa vazirining aytishicha, Ukrainaning janubi-sharqidagi tinch aholiga qarshi qaratilgan qurolli operatsiyalarda 11 000 kishidan ziyod Ukraina harbiylari, 160 ga yaqin tank, 230 dan ziyod harbiy mashina, 150 dan ziyod jangovar qurilma va minomyotlar, katta miqdordagi aviatsiya ishtirok etmoqda.

“Kuchlar aslo teng emas. O‘z mamlakatining tinch aholisiga qarshi qurol ishlatish uchun allaqachon buyruq berilgan. Agar ushbu harbiy mashina bugun to‘xtatilmasa, ko‘plab odamlar halok bo‘lishi va jarohatlanishi mumkin. NATOning Polsha va Boltiqbo‘yi mamlakatlari hududlarida o‘tkazayotgan harbiy mashg’ulotlari ham Ukrainada barqarorlikka erishishga imkon bermayapti. Biz voqealarning shu tarzda rivojlanishiga munosib javob qaytarishga majburmiz”, — dedi Shoygu.

Eslatib o‘tamiz, 24-aprel kuni ertalab Slavyanskdagi vaziyat keskin tus olgan. Ukraina IIV va armiyasi yo‘q qilingan 3 ta blokpost va Slavyansk xalq mudofaasi vakillaridan halok bo‘lgan 5 kishi haqida ma’lumot bergan.