Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida yana bir o‘zbekistonlik erkin kurashchi Ixtiyor Navro‘zov (-70 kg) ham bronza medali sovrindori bo‘ldi, deb ma’lum qildi O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Foto: bankoboev.ru

Foto: bankoboev.ru

Uchinchi o‘rin uchun kechgan bellashuvda o‘zbek polvoni xitoylik Xayvey Lingni yengishga muvaffaq bo‘ldi.

Shu tariqa mazkur qit’a chempionatida erkin kurashchilarimiz jami uchta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Ixtiyorga qadar Furqat Farmonov (-65 kg) va Rashid Qurbonov (-86 kg) ham bronza medalni qo‘lga kiritgan edi.

Bugun, 25-aprel kuni o‘zbekistonlik yunon-rum kurashchilari bahslarga kirishadi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston sharafini Elmurat Tasmuradov (-59 kg), Bobirbek Zaylobiddinov (-66 kg), Dilshod Turdiyev (-71 kg), Besiki Soldadze (-75 kg), Jahongir Mo‘minov (-80 kg), Rustam Assakalov (-85 kg), Jahongir Turdiyev (-98 kg) va Abror Mamasoliyev (-130 kg) himoya qiladi.