O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilish ishlari bilan tanishish maqsadida 25-aprel kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi. Foto: O‘zA

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi. Foto: O‘zA

Prezident Islom Karimov ushbu sanoat korxonasiga tashrifi davomida bu yerda amalga oshirilayotgan qurilish ishlari bilan tanishib shunday dedi:

Bunday yirik va muhim loyihani Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda amalga oshirayotganimiz bejiz emas. O‘zbekiston Koreya Respublikasiga ulkan iqtisodiy, industrial va intellektual salohiyatga ega rivojlangan davlat sifatida qaraydi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan mustahkam va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yuksak qadrlaydi.

2012-yilda boshlangan qurilish ishlari bugungi kunda jadal davom etmoqda. Zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilib, uskunalar o‘rnatilmoqda.

Davlat rahbari bu yerda mehnat qilayotgan ishchi va mutaxassislar bilan suhbatlashdi. Majmua qurilishida 6400 ga yaqin kishi mehnat qilmoqda. Ularning 3500 dan ziyodi yurtimiz mutaxassislari bo‘lib, aksariyati yoshlardir.

Surg‘il koni negizida bunyod etilayotgan Ustyurt gaz-kimyo majmuasi O‘zbekiston va Janubiy Koreya hamkorligi namunasidir. Loyihaning umumiy qiymati 3,9 milliard AQSh dollarini tashkil qiladi. Uning amalga oshirilishi yiliga 4,5 milliard kub metr tabiiy gazni qayta ishlash hisobidan 3,7 milliard kub metr gaz, 387 ming tonna polietilen, 83 ming tonna polipropilen, 102 ming tonna piroliz benzini va boshqa qimmatbaho mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.

Ustyurt gaz-kimyo majmuasi neft-kimyo sohasida dunyodagi eng yirik loyihalardan biridir. Project Finance International xalqaro nashri majmuani qurish loyihasining loyihaviy moliyalash bitimini neft-kimyo va gaz-kimyo sektoridagi 2012-yilning eng yaxshi loyihasi, deb e’tirof etgan. Shuningdek, u Trade Finance Magazine va Global Trade Review nashrlarining “2012-yilning eng yaxshi bitimi” xalqaro mukofotlariga sazovor bo‘lgan.

2014-yil 13-martda yana bir nufuzli xalqaro nashr – Infrastructure Journal ushbu gaz-kimyo majmuasi qurilishi loyihasini “Neft-gaz sohasidagi 2014-yilning global bitimi” mukofoti bilan taqdirladi.

Mazkur loyiha qo‘shma korxona muassislari bo‘lgan Janubiy Koreyaning Kogas, Lotte Chemical, STX Energy kompaniyalari va “O‘zbekneftgaz” milliy xolding kompaniyasining 1,4 milliard dollar hajmidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi, shuningdek, 2,5 milliard dollardan ziyod kredit resurslari hisobidan moliyalashtirilmoqda.

Loyihani moliyalashtirishda Osiyo taraqqiyot banki, Korea Development Bank, Korea Finance Corporation (Koreya Respublikasi), China Development Bank (Xitoy), ING (Niderlandiya), Hermes, KfW, Bayern LB, Siemens Bank (Germaniya), Credit Suisse (Shveysariya), EKN, Nordea, SEC (Shvetsiya) kabi taraqqiyot banklari hamda yetakchi tijorat banklari, shuningdek, Janubiy Koreya, Germaniya va Shvetsiyaning loyihani amalga oshirishda qatnashayotgan banklarga sug‘urta to‘lovlarini taqdim etgan eksport-import agentliklari singari nufuzli moliya muassasalari ishtirok etmoqda.