Chirchiqda “Yosh chegarachilar” an’anaviy harbiy-vatanpavarlik musobaqasi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi O‘zA.

“Yosh chegarachilar” musobaqasi g‘oliblari. Foto: O‘zA

“Yosh chegarachilar” musobaqasi g‘oliblari. Foto: O‘zA

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati Davlat chegaralarini himoya qilish qo‘mitasi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi va Respublika o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan tashkil etildi.

Bu galgi “Yosh chegarachilar” bellashuvlari Prezident Islom Karimovning 2014-yil 6-fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.

Birinchi o‘rin sohiblari — “Burgut” jamoasi a’zolari. Foto: O‘zA

Birinchi o‘rin sohiblari — “Burgut” jamoasi a’zolari. Foto: O‘zA

Ikki oy davom etgan bellashuvlarda mamlakatning barcha hududlaridan 5 ming nafardan ziyod o‘quvchi final bosqichiga chiqish uchun kurashdi. 130 nafar ishtirokchi respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Ular ijtimoiy-siyosiy va huquqiy tayyorgarlik, birinchi tibbiy yordam, tarix, chet tillari, harbiy-amaliy ko‘nikmalar kabi 17 yo‘nalishda o‘z bilim va mahoratini namoyish etdi.

Ikkinchi o‘rin sohiblari — “Yosh chegarachilar” jamoasi a’zolari. Foto: O‘zA

Ikkinchi o‘rin sohiblari — “Yosh chegarachilar” jamoasi a’zolari. Foto: O‘zA

Surxondaryo viloyatining “Burgut” jamoasi birinchi o‘rinni egalladi. Ikkinchi o‘ringa Farg‘ona viloyatining “Yosh chegarachilar” jamoasi loyiq deb topilgan bo‘lsa, uchinchi o‘rin Buxoro viloyatining “Qalqon” jamoasiga nasib etdi.

– So‘nggi uch oy davomida jamoamiz tanlovga puxta tayyorgarlik ko‘rdi, – deydi “Burgut” jamoasi yetakchisi Elbek Toshtemirov. – Ushbu g‘alaba bizni yangi marralar sari ruhlantiradi.

Uchinchi o‘rin sohiblari — “Qalqon” jamoasi a’zolari. Foto: O‘zA

Uchinchi o‘rin sohiblari — “Qalqon” jamoasi a’zolari. Foto: O‘zA

Tadbir yakunida g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.