Misrda “Musulmon birodarlari” harakati tarafdorlari ustidan sud jarayoni tugadi. 28-aprel, dushanba kuni 683 kishi, shu jumladan, tashkilot yetakchisi Muhammad Badiy o‘lim jazosiga hukm qilindi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.

3717677

Foto: itar-tass.com

Mahkumlarga politsiya uchastkalariga hujum qilish va politsiya xodimlarini o‘ldirish bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yildi. Human Rights Watch tashkiloti huquq himoyachilari ma’lum qilishicha, mahkumlarning advokatlariga eshituv chog‘ida gapirishga ruxsat berilmagan.

Sud shuningdek, 24-mart kungi hukmni ham qayta ko‘rib chiqdi. Yangi qarorga ko‘ra, o‘limga mahkum etilgan 529 kishidan ba’zilariga umrbod qamoq jazosi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, “Musulmon birodarlari” harakati ko‘magida hokimiyat tepasiga kelgan prezident Muhammad Mursiy, uning siyosatiga qarshi aksiyalardan so‘ng 2013-yilning iyul oyi boshida Misr harbiylari tomonidan amalidan olib tashlangan edi. Mursiy va “Musulmon birodarlari” a’zolari esa qamoqqa olingan edi. Mursiyning tarafdorlari uning hokimiyatga qaytarilishini talab qila boshladi.

14-avgustda sobiq prezident tarafdorlari lagerlarining harbiylar tomonidan tarqatib yuborilishi chog‘ida bir necha yuz kishi halok bo‘lgan va mamlakatda favqulodda holat e’lon qilingan edi. Sentabr oxirida esa Misrda “Musulmon birodarlari” harakati faoliyati rasman taqiqlandi. 25-dekabr kuni esa Misr vazirlar mahkamasi “Musulmon birodarlari”ni rasman terroristik tashkilot deb e’lon qildi.