Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida erkin, yunon-rum va ayollar kurashi bo‘yicha o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik Elmurod Tasmurodov qatorasiga ikkinchi marta qit’a chempionatining oltin medaliga sazovor bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Elmurod Tasmurodov. Foto: olympic.uz

Elmurod Tasmurodov. Foto: olympic.uz

Vazni 59 kilogrammgacha bo‘lgan polvonlar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Elmurod saralash bahslarida Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Qirg‘iziston terma jamoasi a’zolarini yengib, hal qiluvchi final bellashuvida yaponiyalik Shinobu Otani mag‘lub etdi.

Ta’kidlash joiz, Elmurod Tasmurodov 2013-yili o‘tkazilgan Osiyo chempionatida oltin medalga, jahon chempionatida esa bronza medalga sazovor bo‘lgan edi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha o‘tkazilayotgan musobaqalarda ishtirok etgan yana bir o‘zbekistonlik Rustam Assakalov (-85 kg) esa finalga qadar kechgan bellashuvlarni g‘alaba bilan yakunlab, kumush medal sovrindori bo‘ldi.

Bugun, 28-aprel kuni yunon-rum kurashchilarimizdan Bobirbek Zaylobidinov (-66 kg), Besiki Saldadze (-75 kg), Jahongir Mo‘minov (-80 kg), Jahongir Turdiyev (-98 kg) va Abror Mamasoliyev (-130 kg) g‘oliblik uchun bahs yuritadi.

Hozirgacha chempionatda O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan qo‘lga kiritilgan medallar soni 5 taga yetdi. Eslatib o‘tamiz, yunon-rum kurashi polvonlariga qadar erkin kurashchilarimiz Furqat Farmonov (-65 kg), Ixtiyor Navro‘zov (-70 kg) va Rashid Qurbonov (-86 kg) bronza medallarga sazovor bo‘ldi.