2014-yilning 24—27-aprel kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan “Allyur” ot sporti klubida konkur – to‘siqlar osha sakrash bo‘yicha jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi birinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: O‘zA

Foto: O‘zA

Xalqaro ot sporti federatsiyasi homiyligida O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi hamda Respublika ot sporti federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada yurtimiz vakillari bilan birga Qozog‘iston va Qirg‘izistondan kelgan jami 40 nafarga yaqin chavandoz g‘oliblik uchun kuch sinashdi.

Musobaqada o‘zbekistonlik G‘ayrat Nazarov 75,14 soniya natija bilan ikkinchi o‘rinni band etdi. G‘oliblik esa belgilangan masofani roppa-rosa 74 soniyada bosib o‘tgan qirg‘izistonlik Rinat Galimovga nasib etdi. Uchinchi o‘rinni esa qozog‘istonlik Oleg Popelyayev egalladi.

Jamoalar o‘rtasida o‘tkazilgan “Millatlar kubogi” musobaqasida barcha terma jamoalar bir xil natijani qayd etishgani bois, g‘olib jamoa qo‘shimcha musobaqada ma’lum bo‘ldi. Ya’ni har bir terma jamoadan bittadan sportchi ishtirokida musobaqa o‘tkazilib, unda eng yuqori natijani qayd etgan qozog‘istonlik chavandoz o‘z terma jamoasiga g‘alaba keltirdi. Musobaqada ikkinchi o‘rinni O‘zbekiston terma jamoasi egallagan bo‘lsa, Qirg‘iziston vakillari uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.

Jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi ikkinchi bosqich musobaqalari 22—25-may kunlari Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida tashkil etiladi. Yakuniy uchinchi bosqich bahslari esa 1—5-iyul kunlari Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkaziladi.

O‘zbekistonda o‘tkazilgan “Jahon kubogi—2014” Markaziy Osiyo ligasi birinchi saralash bosqichi doirasida turli yoshdagi chavandozlar ishtirokida bir qator musobaqalar ham o‘tkazildi.

Jumladan, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi sovrini uchun jami 31 nafar chavandoz ishtirokida bo‘lib o‘tgan musobaqada Bekzod Ro‘zimuhamedov birinchi o‘rinni egalladi.

Balandlikka sakrash bo‘yicha bo‘lib o‘tgan musobaqada esa hamyurtimiz Temur Sodiqov “Terol Limuza” laqabli otida 2 metr 30 santimetr balandlikni zabt etib, O‘zbekiston rekordini o‘rnatdi. Bu borada jahon rekordi 2 metr 47 santimetrni tashkil etadi.