Toshkentda dzyudo kurashi bo‘yicha “Paralimpiya kubogi” uchun ochiq turnir o‘tkazildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati.

Foto: olympic.uz

Foto: olympic.uz

Musobaqada Toshkent shahri va viloyati, shuningdek, Buxoro, Xorazm, Navoiy, Surxondaryo, Qashqadaryo va Samarqand viloyatidan kelgan jami 84 nafar sportchi 13 vazn toifasida g‘oliblik uchun bellashdi.

Erkaklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan murosasiz bellashuvlar yakunlariga o‘z vazn toifalarida Sherzod Namozov (-60 kg, Buxoro), O‘tkir Ne’matov (-66 kg, Samarqand), Feruz Saidov (-73 kg, Surxondaryo), Saloxiddin Jo‘rayev (-81 kg, Toshkent shahri), Shuhrat Boboyev (-90 kg, Toshkent shahri), Islomiddin Mashayev (-100 kg, Toshkent shahri), Odiljon Tulendiboyev (+100 kg, Toshkent shahri) barcha raqiblarini mag‘lub etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Xotin-qizlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan musobaqalarda buxorolik Umida O‘rinova (-48 kg), Dilnoza Begiyeva (-52 kg), Dilnavoz Rajabova (-57 kg), Sojida Savriyeva (+70 kg), shuningdek, xorazmlik Yulduz Erkayeva (-63 kg) va Gulrux Rahimova (-70 kg) shoxsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.

O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, dzyudo kurashi bo‘yicha so‘nggi saralash musobaqasi 18—24-oktabr kunlari Janubiy Koreyaning Incheon shahrida o‘tkaziladigan ParaOsiyo o‘yinlari oldidan Amerika Qo‘shma Shtatlarida o‘tkaziladi va ushbu musobaqa yakunlariga ko‘ra qit’a o‘yinlariga yo‘llanma olgan dzyudo ustalarining nomi ma’lum bo‘ladi.