AQShning Shimoliy Karolina shtati Klemmons shahrida yashovchi Kortni Enn Senford ismli ayol ijtimoiy tarmoqqa optimistik status joylashtirganidan bir daqiqa o‘tar-o‘tmas avtomobil halokatida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda My Fox 8 xabar berdi.

pic_b26fa282ad6ef17207866b3933d1e4b2

Foto: myfox8.com

32 yoshli Senford 24-aprel kuni shahar tashqarisidagi katta yo‘llardan birida harakatlanayotib, Facebook’da o‘zi tinglayotgan musiqa va yaxshi kayfiyati haqida “‘Happy’ (‘Baxtli’) qo‘shig‘i meni baxtiyor qilmoqda”, — deya post qoldirgan. Xabar 8:33 da yozilgan. 8:34 da esa qutqaruv xizmatiga yo‘l halokati guvohlaridan qo‘ng‘iroq kelib tushgan.

911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan kishi yengil mashina qarama-qarshi polosaga o‘tib, yuk mashinasiga urilib ketgani va deyarli birdan yonib ketganini ma’lum qilgan. Gap Senford mashinasi haqida ketgan, u voqea joyida halok bo‘lgan. Avariyaga nima sabab bo‘lgani noma’lum.

Yuk mashinasi haydovchisiga hech qanday zarar yetmagan. Politsiya ayolning o‘limi lahzalar ichida sodir bo‘lganini ta’kidladi.

Senfordning postini esa bo‘lgan voqeadan bexabar do‘stlari “layk”lab, izohlar qoldirishgan.