Janubiy Koreya KXDR bergan so‘nggi bayonotni jirkanch deb topdi. Unda Koreya Respublikasi prezidenti fohisha, Oq uy rahbari Barak Obama esa qo‘shmachiga tenglashtirilgan. Yonhap agentligi xabar berishicha, o‘tgan hafta AQSh prezidenti Seulga tashrif buyurib, ikki davlat Shimoliy Koreyani to‘rtinchi yadro sinovini o‘tkazish niyatidan qaytish haqida ogohlantirgach, KXDR bunday haqoratlar bilan bayonot bergan.

9155823931

Foto: belvpo.com

Janubiy Koreya Birlashuv vazirligi bunday haqoratni qoraladi. “Agar Shimol o‘z xalqi haqida qayg‘ursa, o‘zini ahmoqona tutishdan to‘xtaydi va hamkorlik yo‘liga o‘tadi”, — dedi hukumatdagilar. Bundan tashqari, Seul Pxenyanni fevral oyida tuzilgan, Shimol va Janubning dahanaki jangga kirishishiga yo‘l qo‘ymaydigan bitimga rioya qilishga chaqirdi.

1950—1953-yillardagi Koreya urushidan buyon tinchlik bitimi imzolamagan Shimol va Janub o‘rtasidagi “aytishish”lar hozirda keskin tus olib bormoqda. Mart oxirida Shimoliy va Janubiy Koreya artilleriyalari bir-birining dengiz hududlariga o‘t ochgan edi.