Ostonadagi maktablardan birida birinchi sinf o‘quvchisi o‘ta kuchli darajadagi kuyish oldi. Endi unga teri ko‘chirib o‘tkaziladi. Jarohatga Samsung Galaxy smartfoni sabab bo‘ldi. U qizchaning cho‘ntagida portlab ketdi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.

3717953

Foto: itar-tass.com

Ishlab chiqaruvchining mahalliy bo‘linmasi hodisa bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, qizaloq o‘z hovlisida tengdoshlari bilan o‘ynayotgan vaqtida to‘satdan qasir-qusur ovoz eshitilgan va u chinqirib yuborgan. Qizning egnidagi shim yonib ketgan. Otasining aytishicha, kiyimga qo‘shilib, qizining terisi ham yongan, kuyish suyakkacha yetib borgan. Ayni paytda u onasi bilan shifoxonada teri ko‘chirib o‘tkazish operatsiyasini kutib yotibdi.

Qizning otasi baxtsiz voqea sababini ipidan-ignasigacha aniqlashtirishga bel bog‘lagan. Samsung kompaniyasining Qozog‘istondagi vakolatxonasi ham jabrlangan qizning ota-onasi bilan bog‘lanib, yordam berishga tayyorligini bildirgan va hodisa sababini tahlil qilishga va’da bergan.

Kompaniya vakillari iste’molchilarni mobil qurilmalardan foydalanish xavfsizligi haqida ogohlantirishga shoshildi. Bunday holatlarga ko‘pincha sertifikatlanmagan ehtiyot qismlari, xususan akkumulyator batareyasini qo‘llash sabab bo‘lishini ta’kidladi.