Ukraina bosh prokurori vazifasini bajaruvchi Oleg Maxnitskiy Britaniyaning Financial Times nashriga bergan intervyusida Viktor Yanukovich o‘z atrofidagilari bilan kamida 32 milliard dollarni Rossiyaga olib chiqib ketganini ma’lum qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

997606785

Viktor Yanukovich. Foto: ria.ru

Maxnitskiyning eslatishicha, bosh prokuror Yuriy Chayka bayonotiga muvofiq, Rossiya Ukraina parlamenti tomonidan o‘z vazifalaridan chetlatilgan prezident Viktor Yanukovich, bosh prokuror Viktor Pshonka va IIV rahbari Vitaliy Zaxarchenkoni tutib bermaydi.

“Rossiyadan tashqari barcha davlatlar Ukraina bilan hamkorlik qiladi. So‘nggi tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyaning o‘ziga kamida 32 milliard dollar tashib ketilgan”, — dedi bosh prokuror vazifasini bajaruvchi.

Maxnitskiy, shuningdek Ukrainaning aktivlarni qaytarib olish haqidagi so‘roviga Avstriya, Lixtenshteyn va Shveysariya javob berganini ta’kidladi. Mamlakat bosh prokuraturasi o‘z navbatida, bir nechta jinoiy ishlarni boshlagan.